Qaychi

Qaychi — turli materiallarni kesish (qirqish) uchun ishlatiladigan asbob. Dastlabki qaychi bir-biriga egiluvchan yoysimon metall plastina bilan biriktirilgan ikki pichoqdan iborat boʻlgan, hozirgi qaychilarga oʻxshash (sharnirli biriktirilgan 2 pichoqdan iborat) qaychi miloddan avvalgi VIII asrda Yaqin Sharqda yaratilgan va asta-sekin takomillashtirib borilgan. Hunarmandchilik (kosibchilik, tikuvchilik, tunukasozlik, bogʻdorchilik va boshqalar kasblar) rivojlangan sari qaychining turi ham koʻpaya borgan (chevarlar qaychisi, tok qaychi, tunuka qaychi va boshqalar). Sanoat rivojlana boshlagach (XVIII asr 60-yillaridan boshlab), mexanik qaychilar paydo boʻddi. Keyinchalik (XIX asr 30—40 yillari) elektr qaychilar yaratildi. Hozir qaychining dastaki, mexanik va elektr turlari mavjud.
Dastaki qaychi bilan mato, qogʻoz va boshqalar materiallar kesiladi. Uning roʻzgʻorda, chilangarlikda (1rasm), tunuka qirqishda, tikuvchilikda, tibbiyotda va boshqalar maqsadlarda ishlatiladigan xillari bor. Mexanik qaychi turli materiallarni qirqish uchun moʻljallangan qaychili qurilmalar, disksimon hamda toʻgʻri pichoqlari boʻlgan muqim (statsionar) va koʻchma qurilmalardan iborat. Bularga stul va richagli qurilmalar kiradi (2rasm). Stul qurilma dastaki qaychidan yuqori dastasining uzunligi (400–800 millimetr), pastki dastasi toʻgʻri burchak ostida egilib, uchi oʻtkirligi bilan farq qiladi. Ular bilan 2–3 mm gacha qalinlikdagi metallar kesiladi. Richagli qurilma ikkita choʻyan stoyak va stoldan iborat. Stolga yon tomonidan qoʻzgʻalmas pichoq biriktirilgan, richagga ustki pichoq mahkamlangan. Kesiladigan list planka bilan richagga qisiladi. Richagli qurilma bilan 2–3 mm gacha qalinlikda va 1050 mm uzunlikdagi metall listlar kesiladi.
List va polosa materiallar, trubalar, shakldor prokat profilli trubalar va boshqalar materiallar kuchliroq elektr qaychilar bilan kesiladi. Bular ish organlarining tuzilishiga qarab, gilotin (parallel), alligator (richagli), diskli va boshqalarga boʻlinadi. Ular yordamida 60 mm gacha qalinlikdagi poʻlat listlarni, 170 mm gacha diametrli doira prokatlarni kesish mumkin.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |