Kontent qismiga oʻtish

Betaraflik yodgorligi

Betaraflik yodgorligi
Bitaraplyk binasy (turkman tili)
Umumiy maʼlumot
Joylashuvi Turkmaniston, Ashxobod, Bitarap Turkmaniston shoh ko‘chasi
Koordinatalar 37°52′56″N 58°20′00″E / 37.8822°N 58.3333°E / 37.8822; 58.3333
Balandligi 95 m (312 ft)
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Polimeks
Betaraflik yodgorligi

Betaraflik yodgorligi (Bitaraplyk binasy (turkman tili)) — Turkmanistonning Ashxobod shahrida joylashgan monument va kuzatuv minorasi hisoblanadi. Mahalliy aholida „Uch oyoqli inshoot“ (Tripod) nomi bilan mashhur boʻlgan uch ustunli arka 75 metr (246 ft) balandlikka ega boʻlib[1], 1998-yilda Turkmaniston prezidenti Saparmurod Niyozov topshirigʻi bilan mamlakatning rasmiy betaraflik siyosatini ifodalash maqsadida qurilgan[2]. Inshoot turkiyalik qurilish kompaniyasi Polimeks tomonidan taxminan 12 million AQSh dollari qiymatida bunyod etilgan[2][3].

Dastlab monument Ashxobod markazida joylashgan boʻlib, u shahardagi eng baland inshootlardan biri edi va hatto yaqin atrofdagi Prezident saroyidan ham balandroq boʻlgan[2]. Uning yuqori qismida balandligi 12-metr (39 ft) boʻlgan, oltin bilan qoplangan Saparmurod Niyozov haykali oʻrnatilgan boʻlib, u doimo quyoshga qarab turishi uchun aylanib turadigan mexanizm bilan jihozlangan edi. Monumentda tashrif buyuruvchilar uchun panoramali kuzatuv maydonchasi mavjud boʻlib, unga ark ustunlariga oʻrnatilgan qiya koʻtargichlar orqali chiqish mumkin boʻlgan[2].

2010-yilda monument demontaj qilinib, shaharning janubiy chekkasiga koʻchirildi va qayta tiklanib, hozirgi kungacha saqlanib qolgan.

Olib tashlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Betaraflik arkidan Ashxobod manzarasi

2010-yil 18-yanvarda Saparmurod Niyozovning vorisi Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov monumentni Ashxobod markazidan olib tashlash va boshqa joyga koʻchirish toʻgʻrisida farmon imzoladi[2][4]. Bu inshootni koʻchirish haqidagi fikrlar avvalroq, 2008-yildayoq paydo boʻlgan boʻlsa-da, qaror faqat 2010-yilda tasdiqlangan[4].

Rasmiy ravishda bu qaror shaharning meʼmoriy koʻrinishini yaxshilash bilan izohlangan boʻlsa-da, u koʻpincha Berdimuhamedovning shaxsga sigʻinish unsurlarini kamaytirishga qaratilgan siyosatining bir qismi sifatida baholanadi. Niyozov oʻz hukmronligi davrida koʻplab shaharlar va infratuzilma obyektlariga oʻz nomini bergan, shuningdek, „muz saroyi“ va 40-metr (130 ft) balandlikdagi piramida qurdirgan. Biroq aynan ushbu monument va uning oltin haykali uning merosining eng mashhur ramzlaridan biri sifatida qaraladi[2][3].

2010-yilda Berdimuhamedov monumentni demontaj qilish va uni shaharning janubiy chekkasiga koʻchirish ishlarini Polimeks kompaniyasiga topshirdi[2][4]. Niyazov haykali 2010-yil 26-avgustda olib tashlandi[5], biroq keyinchalik monument yangi joyga koʻchirilgach, yana qayta oʻrnatildi. Hozirgi vaqtda haykal endi aylanmaydi, ammo kuzatuv maydonchasi odatda tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻlib qolmoqda[6].

Taʼmirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2025-yil fevral oyidan boshlab Turkmanistonning Ashxobod shahridagi Betaraflik yodgorligi Turkmaniston betarafligining 30 yilligi hamda 2025-yilning Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan rekonstruksiya qilinadi[7]. Loyiha doirasida atrof hudud obodonlashtiriladi, yashil hududlar barpo etiladi, transport infratuzilmasi zamonaviy texnologiyalar asosida yangilanadi hamda yoritish tizimi takomillashtiriladi. Dizaynda BMT bayrogʻi ranglariga mos elementlardan ham foydalanish rejalashtirilgan[8].

  1. Radio Free Europe: Turkmen Leader Orders Predecessor’s Statue Removed
  2. 1 2 3 4 5 6 7 The Times: 'Father of all Turkmenʼ toppled under orders of successor
  3. 1 2 BBC News: Turkmenistan ex-leader Niyazov’s arch to be removed
  4. 1 2 3 Financial Times: Turkmenistan to end personality cult
  5. „Turkmenistan ex-leader Niyazov's golden statue toppled“. BBC News Asia-Pacific (2010-yil 26-avgust). Qaraldi: 2012-yil 12-sentyabr.
  6. Catherine A. Fitzpatrick.. „Turkmenistan: Golden Turkmenbashi Statue is Back“ (2011-yil 7-noyabr).
  7. (en) International Year of Peace and Trust, 2025 :: resolution /: adopted by the General Assembly. 2024-03-21. https://digitallibrary.un.org/record/4043298.
  8. „Туркменистан готовится к достойной встрече 30-летия своего нейтралитета“. tdh.gov.tm. Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.